94-modda. Jismoniy shaxs vafot etgan yoki u vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda soliq majburiyatini bajarish
Soliq qarzi mavjud boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni lozim darajada bajarmaganlik uchun unga hisoblangan penyalar va jarimalar summasi undirilishi umidsiz summalar deb eʼtirof etiladi. Ushbu jismoniy shaxsning soliqlar boʻyicha uzilmay qolgan qarzi vafot etgan shaxsning meros qilib olinadigan mol-mulkini meros qilib olish tartibida qabul qilib olgan uning merosxoʻri (merosxoʻrlari) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymati doirasida va uning (ularning) merosdagi ulushiga mutanosib ravishda, ushbu moddaning qoidalarini inobatga olgan holda uziladi.
(94-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar boʻyicha soliq qarzi meros qilib olinadigan mol-mulk qiymatidan ortiq boʻlsa, soliq qarzining meros qilib olinadigan mol-mulk qiymatidan ortiq summasi undirilishi umidsiz summa deb eʼtirof etiladi. Mazkur norma merosxoʻr (merosxoʻrlar) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymati hujjatlar bilan tasdiqlangan hollarda qoʻllaniladi.
Merosxoʻr boʻlmaganda yoki merosxoʻr (merosxoʻrlar) meros olish huquqidan voz kechganda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi undirilishi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi. Umidsiz soliq qarzi soliq organlari tomonidan hisobdan chiqarilishi lozim.
Soliq qarzi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, mazkur jismoniy shaxs hisobga qoʻyilgan joydagi va (yoki) uning mol-mulki turgan joydagi soliq organi vafot etgan shaxsning merosxoʻri (merosxoʻrlari) toʻgʻrisida axborot olingan paytdan eʼtiboran bir oy ichida unga (ularga) soliq qarzi mavjudligi toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Vafot etgan jismoniy shaxsning merosxoʻri (merosxoʻrlari) mazkur jismoniy shaxsning soliqlar boʻyicha qolgan qarzini meros qabul qilib olingan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay uzishi shart.
Soliq organining qaroriga binoan uzish muddati, agar soliq qarzi mavjudligi toʻgʻrisidagi xabarni merosxoʻr (merosxoʻrlar) toʻlash muddati oʻtishiga olti oydan kam vaqt qolganida olgan boʻlsa, uzaytirilishi mumkin.
Vafot etgan jismoniy shaxsning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni toʻlash boʻyicha qarzi umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda vafot etgan deb eʼlon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarziga nisbatan ham qoʻllaniladi.
(94-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.