290-modda. Bojxona bojlari, qo'shilgan qiymat solig'i va aksiz solig'i

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Bojxona bojlariga import, eksport, alohida (maxsus, antidemping va kompensatsiya) va mavsumiy bojxona bojlari kiradi.

Import bojxona boji tovar bojxona hududiga olib kirilayotganda to'lanadi.

Eksport bojxona boji tovar bojxona hududidan olib chiqilayotganda to'lanadi.

Alohida (maxsus, antidemping va kompensatsiya) bojxona bojlari qonunchilikda belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qo'llaniladi.

Mavsumiy bojxona bojlari tovarlarni bojxona hududiga olib kirish va bojxona hududidan olib chiqishni tezkor tartibga solib turish uchun qo'llaniladi. Bunda boj tarifida nazarda tutilgan bojxona bojlarining stavkalari qo'llanilmaydi. Mavsumiy bojxona bojlarining amal qilish muddati ular belgilangan paytdan e'tiboran olti oydan oshmasligi kerak.

Bojxona chegarasi orqali olib o'tiladigan tovarlarga soliq va bojxona to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq qo'shilgan qiymat solig'i va aksiz solig'i solinadi.

Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.