РусскийEnglish

204-modda. Xavfni boshqarish tizimida qo'llaniladigan asosiy tushunchalar

Xavfni boshqarish tizimida quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

xavf — bojxona to'g'risidagi qonunchilikka rioya etilmasligi ehtimolining darajasi;

aniqlangan xavf — bojxona to'g'risidagi qonunchilikni buzish sodir etilganligidan va bojxona organlari ushbu holat to'g'risida ma'lumotga ega ekanligidan dalolat beruvchi fakt;

potensial xavf — aniqlanmagan, lekin uning yuzaga kelishi uchun sharoitlar mavjud bo'lgan xavf;

xavf indikatorlari — oldindan belgilangan ko'rsatkichlarga ega muayyan mezonlar bo'lib, ulardan og'ish yoki ularga mos kelish nazorat ob'yektini tanlashni amalga oshirish imkonini beradi;

xavf profili — xavf sohasi, xavf indikatorlari to'g'risidagi ma'lumotlar yig'indisi, shuningdek xavfning oldini olish yoki uni imkon qadar kamaytirish bo'yicha zarur choralarni ko'rish to'g'risidagi ko'rsatmalar;

xavf sohasi — xavf tahlilining ayrim guruhlarga bo'lingan ob'yektlari bo'lib, ularga nisbatan bojxona nazoratining alohida shakllari yoki majmui qo'llanilishi, shuningdek ularning samaradorligini oshirish talab etiladi;

xavfni baholash — xavfning yuzaga kelishi ehtimolini va u yuzaga kelganda bojxona to'g'risidagi qonunchilikning buzilishi oqibatlarini muntazam ravishda aniqlab borish;

yashiruvchi tovarlar — xavf tovarlari o'rniga deklaratsiyalanishi ehtimoli yetarli darajada bo'lgan tovarlar;

xavf tovarlari — xavf aniqlangan yoki potensial xavf mavjud bo'lgan bojxona chegarasi orqali olib o'tilayotgan tovarlar;

xavf darajasi — xavfning yuzaga kelishining ehtimoliga va uning mumkin bo'lgan oqibatlariga bog'liq tarzda aniqlanadigan xavfning holati;

xavf tahlili — bojxona organlarida mavjud bo'lgan axborotdan xavfning yuzaga kelishi holatlari va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni identifikatsiyalash va bojxona to'g'risidagi qonunchilikka rioya etilmasligining ehtimol tutilgan oqibatlarini baholash maqsadida muntazam ravishda foydalanish;

xavfni boshqarish — xavfning oldini olish va ularni imkon qadar kamaytirish, ularning qo'llanilish samaradorligini baholash, shuningdek bojxona operatsiyalarining bajarilishi ustidan nazorat qilish bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalda bajarishni, bojxona organlarida mavjud bo'lgan axborotning uzluksiz yangilanishini, tahlil etilishini va qayta ko'rib chiqilishini nazarda tutuvchi doimiy ishlar.

Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.