РусскийEnglish

207-modda. Bojxona organlari tomonidan xavfni baholash va boshqarish

O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi bojxona ishi sohasida huquqbuzarliklar sodir etilganligi to'g'risidagi, shu jumladan tekshiruvlar amalga oshirilishi bosqichida turgan, shuningdek protsessual qaror qabul qilingan barcha huquqbuzarlik faktlari haqidagi statistik va tezkor axborotni to'playdi, umumlashtiradi hamda tahlil qiladi.

Xavf profillari va ularni aniqlash hamda qo'llash muddatlari, mezonlari O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadi.

Xavf profillaridan bojxona nazorati o'tkazilayotganda bojxona nazorati shakllarini qo'llash uchun bojxona organlari tomonidan foydalaniladi va ular tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o'tishni cheklash uchun asos bo'la olmaydi.

Eng kam yoki eng ko'p xavf toifasiga kiritish, shuningdek bojxona tartib-taomillari ayrim turlarining hamda bojxona nazorati ayrim shakllarining qo'llanilish tartibi O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda belgilanadi.

Xavfning belgilangan profillari va indikatorlari tarkibi bojxona organlari tomonidan foydalanish uchun mo'ljallangan va boshqa shaxslarga oshkor etilishi mumkin emas, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.

Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.