26-modda. Bojxona rejimini tanlash va o'zgartirish
Tovarlarning bojxona chegarasi orqali olib o'tilishi vakolatli shaxslarning tovarlarni bojxona rejimlaridan biriga joylashtirish va mazkur bojxona rejimi talablari hamda shartlariga rioya etish majburiyatini keltirib chiqaradi.
Vakolatli shaxs tovarlarning va transport vositalarining xususiyati, miqdori, ishlab chiqarilgan mamlakati yoki qaysi maqsadga mo'ljallanganligidan qat'i nazar, istalgan bojxona rejimini tanlashga yoki uni boshqa bojxona rejimiga o'zgartirishga haqli.
Tanlangan bojxona rejimi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun bojxona organiga taqdim etiladigan bojxona deklaratsiyasida deklarant tomonidan ma'lum qilinadi.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.