РусскийEnglish

339¹-modda. Bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minoti

Agar ayni bir shaxs tomonidan muayyan vaqt ichida bir necha bojxona operatsiyasi amalga oshirilsa, barcha bunday bojxona operatsiyalarini bajarish chog'ida yuzaga keladigan bojxona to'lovlarini to'lashni ta'minlash uchun ushbu Kodeksning 339-moddasida belgilangan usullardan biri bilan bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minoti taqdim etilishi mumkin, bundan ushbu Kodeks 339-moddasining ikkinchi va oltinchi xatboshilarida ko'rsatilgan usullar mustasno.

Bojxona organi bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minotini, agar bojxona to'lovlari bunday ta'minot hisobidan ushbu bojxona organi tomonidan undirilishi mumkin bo'lsa, qabul qiladi.

Bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minoti tovarlarni chiqarib yuboruvchi bojxona organiga taqdim etiladi.

To'lovchi bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minotini ushbu Kodeksning 336, 337 va 338-moddalarida belgilangan hollarda yuzaga keladigan bojxona to'lovlarini to'lashni ta'minlashga doir bir yoki bir necha majburiyat bo'yicha taqdim etadi.

Bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minoti to'lovchining arizasida ko'rsatilgan muddatga bojxona organlari tomonidan qabul qilinadi. Bunda bojxona to'lovlarini to'lash bosh ta'minotining amal qilish muddati to'lovchining arizasida ko'rsatilgan muddat ichida yuzaga keladigan bojxona to'lovlarini to'lashni ta'minlashga doir majburiyatlarni to'lovchi tomonidan bajarish muddatlaridan ko'p bo'lishi kerak.

Bojxona to'lovlarini to'lashning bosh ta'minotini qo'llash tartibi O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadi.

Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.