362-modda. Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashdagi o'ziga xos xususiyatlar
Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashda ularni ishlab chiqarish yoki qayta ishlash uchun foydalaniladigan energiya, mashinalar, uskunalar va asboblarning qayerda ishlab chiqarilganligi hisobga olinmaydi.
Mashinalar, uskunalar, apparatlarda yoki transport vositalarida foydalanish uchun mo'ljallangan buyumlar, ehtiyot qismlar hamda asboblar, basharti ushbu buyumlar, ehtiyot qismlar hamda asboblar kuzatuv hujjati sifatida ilova qilingan texnik pasportda, texnik formulyarda va boshqa texnik hujjatlarda ko'rsatilgan to'plamga hamda miqdorga muvofiq holda o'sha mashinalar, uskunalar, apparatlar yoki transport vositalari bilan bir to'plamda olib kirilsa va sotilsa, mazkur mashinalar, uskunalar, apparatlar yoki transport vositalari ishlab chiqarilgan mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanadi.
Bojxona hududiga uchinchi mamlakatlardan, shuningdek O'zbekiston Respublikasi hududida joylashgan erkin bojxona zonalari va erkin omborlar hududlaridan olib kiriladigan tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashning o'ziga xos xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning o'rovi tovarning o'zi kabi o'sha mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanadi, bundan o'rovi tovardan alohida deklaratsiyalanishi lozim bo'lgan hollar mustasno. Bunday hollarda o'rov ishlab chiqarilgan mamlakat tovar ishlab chiqarilgan mamlakatdan alohida aniqlanadi.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.