363-modda. Tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat
Tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligi tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat bilan tasdiqlanadi.
Tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydigan, eksport yoki reeksport qiluvchi mamlakatda belgilangan tartib va shaklga muvofiq vakolatli organ tomonidan berilgan, shu jumladan elektron shaklda berilgan hujjatdir.
Tovarlarni bojxona hududidan olib chiqishda tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat, agar mazkur sertifikat kontrakt (shartnoma, bitim) shartlariga, tovar olib kiriladigan mamlakatning milliy qoidalariga ko'ra zarur bo'lsa yoki ko'rsatilgan sertifikatning mavjudligi O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan bo'lsa, shuningdek eksport qiluvchining talabiga ko'ra zarur bo'lsa, qonunchilikka muvofiq sertifikat berishga vakolatli bo'lgan organ tomonidan beriladi.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.