106-modda. Soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash usullari
Soliq majburiyatining bajarilishi mol-mulk garovi, kafillik, bank kafolati, penyalar, bankdagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarning toʻxtatilishi va soliq toʻlovchining mol-mulkini xatlash bilan taʼminlanishi mumkin.
Soliq toʻlovchining soliq majburiyatini bajarish boʻyicha taʼminlash chorasi sifatida mol-mulkni xatlash uning arizasiga koʻra:
1) qimmatli qogʻozlar uyushgan bozorida muomalada boʻlgan qimmatli qogʻozlarning garovi yoki ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan boshqa mol-mulk garovi bilan;
2) ushbu Kodeksning 108-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan uchinchi shaxsning kafilligi bilan almashtirilishi mumkin;
3) ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan bank kafolati bilan.
Ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan amaldagi bank kafolati berilgan taqdirda, soliq organi soliq toʻlovchiga ushbu bandda nazarda tutilgan taʼminlash choralarini almashtirishni rad etishga haqli emas.
Soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash usullari, ularni qoʻllash tartibi va shartlari ushbu bobda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar boʻyicha bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlashning boshqa choralari ham qoʻllanilishi mumkin.
(106-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.