РусскийEnglish

107-modda. Mol-mulk garovi

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliqlarni toʻlash majburiyati mol-mulk garovi bilan taʼminlanishi mumkin.

Mol-mulk garovi soliq organi va garovga qoʻyuvchi oʻrtasidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Soliq toʻlovchining oʻzi yoki uchinchi shaxs garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.

Soliq toʻlovchi tegishli soliq summalarini va tegishli penyalarni toʻlash boʻyicha majburiyatini bajarmagan taqdirda, soliq organi ushbu majburiyatning garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymati hisobidan bajarilishini fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.

(107-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Fuqarolik qonunchiligiga muvofiq oʻziga nisbatan garov belgilanishi mumkin boʻlgan mol-mulk, agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, garov predmeti boʻlishi mumkin.

(107-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Boshqa shartnoma boʻyicha garov predmeti soliq organi va garovga qoʻyuvchi oʻrtasidagi shartnoma boʻyicha garov predmeti boʻlishi mumkin emas.

Garov chogʻida mol-mulk garovga qoʻyuvchida qolishi yoxud garovga qoʻyuvchining mablagʻlari hisobiga soliq organiga (garovga oluvchiga), garovga qoʻyilgan mol-mulkning but saqlanishini taʼminlash majburiyati unga yuklangan holda, topshirilishi mumkin.

Garovga qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan biron-bir bitimni, shu jumladan soliq qarzi summalarini uzish maqsadida bitimlarni tuzish faqat garovga oluvchi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash usuli sifatida garov belgilashda yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, fuqarolik qonunchiligining qoidalari qoʻllaniladi.

(107-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.