153-modda. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligini taʼminlash
Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud boʻlmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Videotasvirni yozib olish toʻxtovsiz va izchil ravishda olib boriladi. Videotasvir materiallarining koʻchirma nusxasi soliq toʻlovchiga yoki uning vakiliga soliq nazoratiga oid tadbir tugagach taqdim etiladi.
Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda videotasvirga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda videoyozuv taqiqlangan hollarda yoki videoyozuvga olish imkoniyati mavjud boʻlmaganda xolislar soliq nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlarga majburiy tartibda jalb etiladi.
(153-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.