РусскийEnglish

154-modda. Soliq nazorati doirasida harakatlarni amalga oshirish chogʻidagi bayonnomaga qoʻyiladigan umumiy talablar

Soliq nazorati harakatlarini oʻtkazish chogʻida bayonnoma tuziladi. Bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:

1) tekshirish oʻtkazishning asoslari, turi va davri;

2) amalga oshiriladigan aniq harakatning joyi va sanasi;

3) harakatning boshlanish va tugash vaqti;

4) bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;

5) harakatda ishtirok etgan yoki uni oʻtkazishda hozir boʻlgan har bir shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, zarur boʻlgan hollarda esa — uning manzili;

6) harakatning mazmuni, uni amalga oshirish ketma-ketligi;

7) harakatni bajarish chogʻida aniqlangan, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlar va holatlar.

Bayonnoma harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan yoki uni oʻtkazishda hozir boʻlgan barcha shaxslar tomonidan oʻqib chiqiladi. Mazkur shaxslar bayonnomaga kiritilishi yoki materiallarga qoʻshib qoʻyilishi lozim boʻlgan fikr-mulohazalarini bildirishga haqli.

Bayonnoma soliq organining uni tuzgan mansabdor shaxsi, shuningdek harakatni amalga oshirishda ishtirok etgan yoki uni oʻtkazishda hozir boʻlgan barcha shaxslar tomonidan imzolanadi.

Bayonnomaga fotosuratlar, videoyozuvlar va harakatni amalga oshirish chogʻida bajarilgan boshqa materiallar ilova qilinadi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.