РусскийEnglish

167-modda. Moliyaviy sanksiyani undirish toʻgʻrisidagi ariza

Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan jismoniy shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilganidan keyin tegishli soliq organi mazkur shaxsga nisbatan ushbu Kodeksda belgilangan moliyaviy sanksiya qoʻllash haqidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi. Moliyaviy sanksiyalarni undirishning suddan tashqari tartibiga yoʻl qoʻyilmaydigan hollarda moliyaviy sanksiya qoʻllashning xuddi shunday tartibidan foydalaniladi.

Sudga murojaat qilingunga qadar soliq organi soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsga moliyaviy sanksiyaning tegishli summasini oʻz ixtiyori bilan toʻlashni yozma shaklda taklif qilishi shart.

Zarur boʻlgan hollarda, soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsdan moliyaviy sanksiya undirish toʻgʻrisida ariza berish bilan bir vaqtda soliq organi qonunchilikda belgilangan tartibda talabnomani taʼminlash haqidagi iltimosnomani sudga yuborishi mumkin.

(167-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.