РусскийEnglish

169-modda. Soliq monitoringi toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar

Quyidagilar soliq monitoringining predmetidir: soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish, oʻziga nisbatan soliq monitoringi oʻtkazilayotgan yuridik shaxs tomonidan soliqlar va yigʻimlarni hisoblashning toʻgʻriligi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanganligi (oʻtkazib berilganligi).

(169-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq monitoringi ushbu Kodeksga muvofiq yuridik shaxs qaysi soliqlar va yigʻimlarga nisbatan soliq toʻlovchi yoki soliq agenti boʻlsa, barcha shunday soliqlar va yigʻimlarni qamrab oladi.

Soliq toʻlovchilar uchun soliq monitoringi ixtiyoriydir.

Soliq monitoringi soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror asosida soliq organi tomonidan amalga oshiriladi.

Yuridik shaxs, agar uning oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot maʼlumotlariga koʻra kamida besh milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan soliq organiga murojaat qilishga haqli.

(169-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-714-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 03/21/714/0874-son)

Yuridik shaxs soliq organiga soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisida ariza taqdim etgan yildan keyingi kalendar yil soliq monitoringi oʻtkaziladigan davrdir.

Soliq monitoringini oʻtkazish soliq monitoringi oʻtkaziladigan yilning 1-yanvaridan boshlanadi va soliq monitoringi oʻtkazilgan davrdan keyingi yilning 1-iyulida tugallanadi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.