230-modda. Shikoyat berish huquqi
Har bir shaxs soliq organlarining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar ushbu shaxsning fikriga koʻra bunday hujjatlar, harakatlar (harakatsizlik) uning huquqlarini buzsa, shikoyat berish huquqiga ega.
Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka yoki idoraviy normativ hujjatlarga muvofiq tuzilgan, soliq organlarining bir yoki bir nechta jismoniy yoki yuridik shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik muayyan harakatlarni sodir etishga undovchi koʻrsatmasi mavjud boʻlgan hujjat soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjati deb eʼtirof etiladi.
(230-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, ushbu qaror boʻyicha soliqlarning va moliyaviy sanksiyalarning undirilgan (toʻlangan) summalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ushbu summalar undirilgan (toʻlangan) davrda amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni inobatga olgan holda qaytarilishi (hisobga olinishi) lozim.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.