РусскийEnglish

273-modda. Soliq hisobotini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi

Soliq toʻlovchilar, agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq hisobotini oʻzlari soliq hisobida turgan joydagi soliq organlariga oʻtgan soliq davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirilmagan muddatda taqdim etishlari shart.

Ushbu Kodeksning 272-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliqni toʻlash agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq hisobida turilgan joy boʻyicha har bir soliq davrining yakunlariga koʻra, soliq hisoboti taqdim etishlari muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirish chogʻida soliq ushbu boʻlim qoidalari hisobga olingan holda, bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda budjetga toʻlanadi.

(273-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq agentlari soliqni oʻzi soliq hisobida turgan joy boʻyicha toʻlaydi. Soliq toʻlovchilar boʻlmagan soliq agentlari oʻzi soliq hisobida turgan joydagi soliq organlariga tegishli soliq hisobotini ushbu Kodeksning 255 va 256-moddalariga muvofiq toʻlash amalga oshirilgan oʻtgan soliq davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay taqdim etishi shart.

Soliq hisobotiga soliq toʻlovchining xaridlar reyestrida va sotuvlar reyestrida koʻrsatilgan maʼlumotlar kiritiladi.

Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, shuningdek vositachilik (topshiriq) va transport ekspeditsiyasi shartnomalari asosida boshqa shaxsning manfaatlarni koʻzlab tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar olingan va taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar daftarlaridagi maʼlumotlarni ham belgilangan shakl boʻyicha taqdim etishi shart. Agar bunday shaxslar soliq toʻlovchilar boʻlmasa, ular soliq hisobotiga faqat soliq agenti sifatida operatsiyalarni yoki vositachilik (topshiriq) shartnomasi asosida komitentning (ishonch bildiruvchining), transport ekspeditsiyasi shartnomasi asosida yukni oluvchining (yukni joʻnatuvchining) manfaatlarini koʻzlab vositachilik operatsiyalarini amalga oshirish chogʻida olingan hamda taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish daftarlarida aks ettiriladigan maʼlumotlarni kiritadi.

Xaridlar va sotuvlar reyestrlarini, shuningdek kelib tushgan va taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish daftarlarini yuritish shakllari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.