РусскийEnglish

280-modda. Soliq solish obyekti va soliq bazasi. Soliq davri. Chet el yuridik shaxslari tomonidan soliqni hisoblab chiqarish tartibi

Jismoniy shaxslarga elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma soliq solish obyektidir.

Chet el yuridik shaxslari jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan, ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatganda soliq bazasi mazkur xizmatlarning ularni realizatsiya qilishning haqiqiy narxlaridan kelib chiqib hisoblab chiqarilgan soliq summasi hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi.

Bir chorak soliq davridir.

Soliq bazasi har bir chorak boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov (qisman toʻlov) kelib tushgan vaqtdan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Soliq bazasini ushbu moddaga muvofiq aniqlash chogʻida elektron shaklda koʻrsatiladigan xizmatlarning chet el valyutasida ifodalangan qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining koʻrsatilgan xizmatlar toʻlovi (qisman toʻlovi) kelib tushgan oyning oxirgi kunida belgilangan kursi boʻyicha milliy valyutada qayta hisoblanadi.

Agar bunday xizmatlarni realizatsiya qilishga doir operatsiyalarga nisbatan soliqni hisoblab chiqarish boʻyicha majburiyat ushbu moddaga muvofiq soliq agentining zimmasiga yuklatilmagan boʻlsa, chet el yuridik shaxslari soliqni hisoblab chiqarishni mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.