РусскийEnglish

314-modda. Qoʻshilgan qiymat soligʻiga doir xarajatlar

Agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, sotib olingan tovarlarning (xizmatlarning) qiymatida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha quyidagi chiqimlar hisobga olinadi:

1) ushbu Kodeksning 267-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisobga olinmaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi;

2) ushbu Kodeks 268-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi;

3) ushbu Kodeksning 270-moddasida koʻrsatilgan holda qoʻshilgan qiymat soligʻiga tuzatish kiritish summasi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi hisobga olinmaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini quyidagi hollarda xarajatlar jumlasiga kiritishga haqli:

1) ushbu Kodeks 268-moddasining beshinchi qismiga muvofiq mutanosib usulni qoʻllashda;

2) agar soliqning tuzatish kiritish summasini bunday tuzatish amalga oshirilayotgan sotib olingan tovarlarning (xizmatlarning) qiymatiga kiritish mumkin boʻlmasa, qoʻshilgan qiymat soligʻiga ushbu Kodeksning 269 va 270-moddalariga muvofiq tuzatish kiritishda;

3) ushbu Kodeksning 271-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻiga tuzatish kiritishda.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.