РусскийEnglish

377-modda. Boshqa daromadlar

Soliq toʻlovchining boshqa daromadlariga quyidagilar kiradi:

1) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xayriya va ekologiya jamgʻarmalari tomonidan soliq toʻlovchilarga beriladigan nafaqalar hamda boshqa turlardagi yordam;

2) hayvonlarni (qoramollarni, parrandalarni, moʻynali va boshqa hayvonlarni, baliqlarni va boshqalarni) tirik holda hamda ularni soʻyib, mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda sotishdan, ipak qurtini, chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olingan daromadlar;

3) jismoniy shaxslardan tekin (shu jumladan hadya shartnomalari boʻyicha) olingan mol-mulkning, mulkiy huquqlarning qiymati;

4) musobaqalarda, koʻriklarda, tanlovlarda sovrinli oʻrinlar uchun beriladigan sovrinlar, pul mukofotlari;

5) yutuqlar;

6) grant beruvchidan olingan grantlarning, shu jumladan chet davlatlar grantlarining summalari;

7) soliq toʻlovchilarning yaratilgan ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlari (predmetlari) uchun olgan daromadlari;

8) xalqaro sport musobaqalaridagi sovrinli oʻrinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yoʻla beriladigan pul mukofoti;

9) xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi (kontrakti) bekor qilinganda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq beriladigan ishdan boʻshatish nafaqasi va boshqa toʻlovlar;

(377-moddaning 9-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

10) quyidagicha koʻrsatiladigan moddiy yordam:

vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yoki oila aʼzosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga koʻrsatiladigan;

xodimga mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoxud sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetganligi bilan bogʻliq holda koʻrsatiladigan;

bola tugʻilishi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan oʻtishi munosabati bilan koʻrsatiladigan;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablagʻlar berish tarzida koʻrsatiladigan moddiy yordam;

11) ishlamaydigan pensionerlarga soliq agenti tomonidan toʻlanadigan toʻlovlar;

12) maʼnaviy zararni kompensatsiya qilish boʻyicha pullik toʻlovlar;

13) ushbu Kodeksning VI boʻlimida belgilangan hollarda va tartibda narxlarga tuzatish kiritish tufayli olingan daromad;

14) ushbu Kodeksning 300-moddasida nazarda tutilgan tartibda aniqlanadigan talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromad;

15) soliq toʻlovchining ushbu Kodeksning 371 — 376-moddalarida koʻrsatilmagan boshqa daromadlari.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.