378-modda. Soliq solinmaydigan daromadlar
Quyidagi daromad turlariga soliq solinmaydi:
1) moddiy yordam summalari:
vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yoki oila aʼzosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
ushbu Kodeksning 377-moddasida koʻrsatilgan boshqa hollarda, — soliq davri uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
2) soliq agenti tomonidan quyidagi yoʻllanmalar qiymatini toʻliq yoki qisman qoplash summalari, bundan turistik yoʻllanmalar mustasno:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalariga yoʻllanmalar qiymatini nogironligi boʻlgan shaxslarga, shu jumladan ushbu ish beruvchida ishlamaydigan nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻliq yoki qisman qoplash summalari;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sogʻlomlashtirish oromgohlari, shuningdek sanatoriy-kurort hamda sogʻlomlashtirish muassasalariga oʻz xodimlarining oʻn olti yoshgacha bolalari (oʻqiydiganlarga — oʻn sakkiz yoshgacha) uchun yoʻllanmalar qiymatini toʻliq yoki qisman qoplash summalari;
3) oʻz xodimlariga hamda ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat koʻrsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan toʻlangan summalar, shuningdek ish beruvchining davolashga hamda tibbiy xizmat koʻrsatishga, nogironlik profilaktikasi va nogironligi boʻlgan shaxslarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olishga oid xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat koʻrsatganlik uchun ish beruvchilar tomonidan sogʻliqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq toʻlangan taqdirda, shuningdek sogʻliqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun moʻljallangan naqd pul mablagʻlari bevosita xodimga, xodim yoʻqligida esa — uning oila aʼzolariga, ota-onasiga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun moʻljallangan mablagʻlar xodimning bankdagi hisobvaragʻiga kiritilgan taqdirda, bu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilishi munosabati bilan qonunchilikda belgilangan summalar doirasida budjet tashkilotlaridan chet el valyutasida olingan ish haqi summalari va boshqa summalar;
(378-moddaning 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan taʼminlash markazlari koʻmagida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
6) xalqaro sport musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yoʻla beriladigan pul mukofoti;
7) soliq toʻlovchilarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlar, bundan quyidagilarni sotishdan olingan daromadlar mustasno:
qimmatli qogʻozlarni (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar mustasno), yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (paylarini);
noturar joylarni;
oʻttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq toʻlovchining mulkida boʻlgan turar joylarni;
8) uy xoʻjaligida, shu jumladan dehqon xoʻjaligida yetishtirilgan hayvonlarni (qoramollarni, parrandalarni, moʻynali va boshqa hayvonlarni, baliqlar va hokazolarni) tirik holda hamda ularni soʻyib mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda sotishdan (bundan sanoatda qayta ishlash mustasno) chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olinadigan daromadlar, bundan manzarali bogʻdorchilik (gulchilik) mahsulotlari mustasno;
9) xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida olingan buyum tarzidagi sovrinlarning qiymati;
10) ish beruvchidan soliq davri mobaynida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,11 baravarigacha boʻlgan qiymatdagi:
xodimlar natura shaklida olgan sovgʻalar;
ilgari mazkur ish beruvchining xodimlari boʻlgan ishlamayotgan pensionerlar va mehnat qobiliyatini yoʻqotgan shaxslar, vafot etgan xodimning oila aʼzolari tomonidan olingan sovgʻalar hamda boshqa turlardagi yordam;
11) jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan pul va natura shaklidagi daromadlar, bundan quyidagilar mustasno:
ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlarining, adabiyot hamda sanʼat asarlari ijrochilarining, shuningdek kashfiyotlar, ixtirolar va sanoat namunalari mualliflarining merosxoʻrlariga (huquqiy vorislariga) toʻlanadigan pul mukofotlari;
yaqin qarindosh boʻlmagan shaxslar oʻrtasidagi koʻchmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qogʻozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlar;
12) davlat zayomining obligatsiyalari boʻyicha yutuqlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha foizlar;
13) jamgʻarma sertifikatlari, davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlar, shuningdek banklardagi omonatlar boʻyicha foizlar va yutuqlar;
14) nodavlat notijorat tashkilotlaridan, xalqaro hamda chet el tashkilotlari va fondlaridan, shuningdek vakolatli organning xulosasi mavjud boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy-texnika hamkorligi sohasidagi xalqaro shartnomalari doirasida soliq toʻlovchi grant beruvchidan bevosita olgan grantning summasi;
(378-moddaning 15-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)
16) soliq toʻlovchining quyidagilarga yoʻnaltiriladigan, soliq solinishi lozim boʻlgan ish haqi va boshqa daromadlari:
Oʻzbekiston Respublikasining professional va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish (oʻzining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga toʻlmagan erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun toʻlov. Mazkur imtiyoz soliq toʻlovchining professional va oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan taʼlim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlariga nisbatan ham qoʻllaniladi;
(378-modda 16-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2023-yil 1-avgustdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va (yoki) maktablar koʻrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun, shuningdek uch yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan har bir farzand uchun toʻlanadigan oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar;
(378-modda 16-bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1129-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2026-y., 03/26/1129/0375-son)
soliq bazasining 50 foizidan oshmagan holda, metsenatlik koʻmagini koʻrsatish;
olingan ipoteka kreditlarini va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining sakson baravarigacha boʻlgan miqdorda qoplashga, basharti uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun budjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobga olingan holda amalga oshirilgan boʻlsa. Mazkur soliq imtiyozi qarz oluvchiga va (yoki) birga qarz oluvchilarga nisbatan, basharti ularning soliq solinmaydigan daromadlari jami summasi belgilangan miqdordan oshmasa, tatbiq etiladi. Bunda yosh oila boʻlgan er-xotinning olgan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashga yoʻnaltirilgan ish haqiga va boshqa daromadlariga nisbatan soliq imtiyozi er-xotin yoki ulardan biri belgilangan yoshga toʻlguniga qadar, ushbu xatboshida budjetdan ajratilgan subsidiyalar boʻyicha belgilangan shartlar inobatga olinmagan holda qoʻllaniladi. Agar 2023-yil 1-yanvardan keyin ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlari koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz olti oy ichida boshqa shaxsga oʻtkazilgan boʻlsa, soliq imtiyozining amal qilishi soliq imtiyozini qoʻllashning butun davri uchun soliqni toʻlash majburiyati tiklangan holda bekor qilinadi;
(378-modda 16-bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankidagi ixtiyoriy ravishda shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga;
17) jismoniy shaxslardan tekin (shu jumladan hadya shartnomalari boʻyicha) olingan ulushlar, paylar va aksiyalar tarzidagi daromadlar, agar bu ulushlarni, paylarni va aksiyalarni berish yaqin qarindoshlar oʻrtasida amalga oshirilsa.
Yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasiga nisbatan yoki qaysi chet el yuridik shaxsi uchun roʻyxatdan oʻtish mamlakatining qonunchiligiga muvofiq kapitalda ishtirok etish nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻsha chet el yuridik shaxsiga nisbatan nazorat qilish huquqi, agar bunday huquqlar ularni bir oilaning aʼzolari va (yoki) yaqin qarindoshlar boʻlgan shaxslar oʻrtasida oʻtkazish natijasida olingan boʻlsa, daromad olish yoki daromadni tasarruf etish huquqining yuzaga kelishi deb eʼtirof etilmaydi;
(378-modda 17-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18) paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilinadigan soliq toʻlovchilarning bu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlari;
19) soliq toʻlovchi boʻlgan qimmatbaho metallar qidiruvchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda qazib olish yoʻli bilan ega boʻlgan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari;
(378-moddaning 19-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
191) soliq toʻlovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari;
(378-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 191-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son — 2021-yil 1-oktabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.)
20) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, kasaba uyushmalari, xayriya va ekologiya jamgʻarmalari tomonidan soliq toʻlovchilarga beriladigan nafaqalar, shuningdek pul mablagʻlari tarzidagi yordamning boshqa turlari, biroq soliq davri mobaynida oʻn besh million soʻmdan oshmagan holda;
(378-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrdagi OʻRQ-646-sonli Qonuniga asosan 20-band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son — 2020-yil 1-apreldan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi.)
201) Ijtimoiy himoya yagona reyestriga yoki Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar aʼzolariga qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda toʻgʻridan-toʻgʻri beriladigan pul mablagʻlari tarzidagi homiylik xayriyalari;
(378-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-dekabrdagi OʻRQ-1102-sonli Qonuniga asosan 201-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2025-y., 03/25/1102/1173-son)
21) soliq toʻlovchining soliq davri davomida quyidagilarni toʻlash uchun yoʻnaltiriladigan, bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi ish haqi summalari va boshqa daromadlari:
xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini, tegishli xalqaro tashkilot aʼzosi sifatida bunday badallarning toʻlanganligi toʻgʻrisida hujjat mavjud boʻlganda;
qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga toʻlovlarni, kursni tugatganlik toʻgʻrisida shunday tashkilotlar tomonidan berilgan hujjat mavjud boʻlganda.
(378-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 21-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son — 2021-yil 1-oktabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.)
22) aksiyalar ommaviy joylashtirilganda korxonalar xodimlarining oʻz oylik ish haqidan va unga tenglashtirilgan toʻlovlardan oshmaydigan, ushbu korxonalar xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olishga yoʻnaltirilgan mablagʻlari;
23) soliq toʻlovchilar ish haqining va boshqa daromadlarining soliq davri davomida qimmatli qogʻozlarning mahalliy bozorida chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun shaxsiy investitsiya hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladigan qismi, quyidagi barcha shartlar bajarilgan taqdirda:
yoʻnaltirilgan mablagʻlarning jami summasi mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining yuz baravaridan oshmaydigan miqdorni tashkil etadi;
pul mablagʻlari shaxsiy investitsiya hisobvaragʻiga birinchi marta oʻtkazilgan sanadan boshlab oʻn ikki oy ichida qaytarib olinmaydi. Bunda oy davomida shaxsiy investitsiya hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasi mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining yigirma baravaridan oshishi mumkin emas;
shaxsiy investitsiya hisobvaragʻidagi pul mablagʻlaridan qimmatli qogʻozlar olish uchun foydalaniladi.
Ushbu bandning shartlari buzilgan taqdirda, shaxsiy investitsiya hisobvaragʻidagi mablagʻlarga toʻlov manbaida soliq solinishi lozim;
(378-moddaning 23-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi OʻRQ-1057-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son)
24) Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolarning, shuningdek ularning xotinining (erining) daromadlari. Mazkur soliq imtiyozi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining maʼlumotnomasiga, nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaga, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasiga, shuningdek vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos boʻladigan boshqa hujjatlarga asosan beriladi;
25) “Mahalla servis” kompaniyalari xodimlarining faoliyati natijasida olingan, ularning soliq solinishi lozim boʻlgan ish haqi tarzidagi daromadlari.
(378-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi OʻRQ-1071-sonli Qonuniga asosan 24 va 25-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2025-y., 03/25/1071/0545-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.