РусскийEnglish

379-modda. Jismoniy shaxslarni soliq solishdan ozod etish

Quyidagilarning daromadlariga soliq solinmaydi:

1) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalarining boshliqlari va xodimlari, konsullik muassasalarining mansabdor shaxslari, ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmasa — Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;

2) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining maʼmuriy-texnik xodimlari hamda ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa, — Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;

3) chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga xizmat koʻrsatadigan xodimlar tarkibiga kirgan shaxslar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa — oʻz xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;

4) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining uylarida ishlovchilar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa — oʻz xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;

5) xalqaro nohukumat tashkilotlarining mansabdor shaxslari — agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmasa, ularning ushbu tashkilotlarda olgan daromadlari boʻyicha.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.