РусскийEnglish

404-modda. Soliq bazasi

Soliqni hisoblab chiqarish uchun soliq bazasi ushbu Kodeksning 371-moddasiga muvofiq toʻlanadigan xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar uchun soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi ularning Oʻzbekiston Respublikasida budjet tashkilotlari xodimlari uchun ish haqi miqdorining oshishi inobatga olingan holda qayta hisoblab chiqariladigan, ular Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ishga yuborilguniga qadar oxirgi ish joyida mehnatga haq toʻlash tarzida olgan daromadlaridan kelib chiqib aniqlanadi.

Ushbu Kodeks 403-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar boʻyicha soliqni hisoblab chiqarish uchun soliq bazasi chet ellik xodimlarga toʻlanadigan daromadlar summasi sifatida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan taʼminlash yuzasidan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma boʻyicha xarajatlar umumiy summasining 90 foizidan kam boʻlmagan summada belgilanadi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.