407-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi
Soliq soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi.
Soliq ish beruvchining va ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari boʻyicha, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar boʻyicha soliqni toʻlash majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining zimmasiga yuklatiladi.
Soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq organlariga har oyda hisobot davridan keyingi oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa — keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay taqdim etiladi.
(407-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Soliqni toʻlash har oyda, soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.