408-modda. Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari
Soliq, agar ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qatʼi nazar:
(408-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi OʻRQ-847-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 03/23/847/0384-son — 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda;
(Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 408-modda birinchi qismi 2-bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son)
3) faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolari tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan oila aʼzosi tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda;
oilaning boshqa aʼzolari tomonidan (bundan oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar mustasno) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida majburiy tartibda toʻlanadi/
(408-modda birinchi qismining 3-bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi OʻRQ-847-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 03/23/847/0384-son — 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
(408-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida:
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band boʻlgan yoki mazkur maydonda chorvachilik (qoramol, qoʻylar, echkilar, otlar va boshqalar), issiqxona xoʻjaligi, parrandachilik (tovuqlar, bedanalar, kurkalar, gʻozlar, oʻrdaklar), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, limonchilik, gulchilik bilan shugʻullanayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila aʼzolari boʻlgan fuqarolar tomonidan (ularga tegishli tomorqa yer uchastkasining maydonidan yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qatʼi nazar);
dehqon xoʻjaligining aʼzolari (bundan dehqon xoʻjaligi boshligʻi mustasno) va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar;
mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan), tashkilotlarda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
ishlamaydigan eri (xotini) uchun soliq toʻlovini amalga oshiruvchi ishlayotgan fuqarolar tomonidan ixtiyoriy tartibda soliq toʻlanadi.
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida:
“Hunarmand” uyushmasining aʼzosi boʻlgan hunarmandchilik faoliyati subyektlari;
“Usta-shogird” maktablari oʻquvchilari — ular yigirma besh yoshga toʻlguniga qadar ishlagan davrda;
dehqon xoʻjaligi boshligʻi;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan majburiy tartibda soliq toʻlanadi.
(408-modda uchinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik faoliyati subyektlari boʻlgan “Hunarmand” uyushmasining aʼzolari soliq toʻlashdan ozod etiladi, ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan qolgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun esa soliq miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozlarga boʻlgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki tugatilgan taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq yuzaga kelgan yoki tugatilgan oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.
(408-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi OʻRQ-847-sonli Qonuniga asosan ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 03/23/847/0384-son — 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Soliqni toʻlash quyidagicha amalga oshiriladi:
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan — har oyda tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay;
ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan — hisobot yilining 31-dekabrigacha amalga oshiriladi. Bunda soliqning miqdori toʻlov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
(408-modda beshinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Yangi roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzolari tomonidan soliqni toʻlash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oydan keyingi oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.
Soliqni toʻlash majburiyati:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan oila aʼzolari uchun — oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan ish yuritadigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan oila aʼzosining;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzgan yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklatiladi.
(408-modda yettinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi OʻRQ-847-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 03/23/847/0384-son — 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Toʻlov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq toʻlovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami va toʻlov kiritilayotgan davr koʻrsatilishi shart. Bunda oila aʼzolari — oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari va xodim yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻyicha toʻlov topshiriqnomasi (kirim orderi) har bir oila aʼzosi uchun va yakka tartibdagi tadbirkorning har bir yollangan xodimi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar toʻlov topshiriqnomasida (kirim orderida) davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xoʻjaliklari aʼzolari va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek ushbu modda uchinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan jismoniy shaxslar uchun — yil) uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
(408-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi OʻRQ-847-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 03/23/847/0384-son — 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtinchalik toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida soliq organlari tomonidan olingan axborot yakka tartibdagi tadbirkor oʻz faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun soliqni hisoblashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Soliq organlari tomonidan olingan, har bir yollangan xodim uchun belgilangan tartibda berilgan hisobga olish kartochkalari yakka tartibdagi tadbirkor oʻz faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimiga soliqni hisoblashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Agar faoliyatini toʻxtatib turgan yakka tartibdagi tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimi uchun hisobga olish kartochkasini soliq organiga belgilangan muddatlarda topshirmasa, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari boʻyicha soliqni hisoblash toʻxtatilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida, uchinchi qismi beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar soliqni ushbu Kodeksning 405-moddasida koʻrsatilgan soliq stavkalari boʻyicha jami yillik daromad toʻgʻrisida deklaratsiyada koʻrsatilgan mehnatga haq toʻlash tarzida olingan daromadlar summasidan kelib chiqib, biroq ushbu moddada belgilangan uning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan holda, soliqni ixtiyoriy ravishda toʻlash haqida jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida toʻlashga haqli. Bunda toʻlanishi lozim boʻlgan soliqning uzil-kesil summasi ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlariga muvofiq toʻlangan summalarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
(408-moddaning oʻn ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi OʻRQ-847-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2023-y., 03/23/847/0384-son — 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.