РусскийEnglish

423-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi

Soliqni hisoblab chiqarish soliq solish obyekti joylashgan yerdagi soliq organlari tomonidan:

ushbu Kodeks 419-moddasining 1, 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning maʼlumotlari asosida;

ushbu Kodeks 419-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning maʼlumotlari hamda ushbu Kodeks 420-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi va uchinchi qismi asosida amalga oshiriladi.

(423-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Soliq summasi 1-yanvar holatiga koʻra ushbu Kodeksning 420-moddasiga muvofiq aniqlangan soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.

(423-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Soliq toʻlovchi tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun moʻljallangan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yerdagi soliq organlariga baholovchi tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan, shu jumladan oʻtgan ikki yil ichida oʻtkazilgan mustaqil baholash natijalarini (mavjud boʻlgan taqdirda), shuningdek qonunchilikda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatini taqdim etishga haqli.

(423-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan uchinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Bir necha mulkdorlarining umumiy ulushli mulki boʻlgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun soliq har bir mulkdor tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda toʻlanadi.

Mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi kalendar yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga oʻtgan taqdirda, soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1-yanvaridan eʼtiboran u mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini yoʻqotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan esa, unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.

Yangi imoratlar, binolar va inshootlar boʻyicha soliq mulk huquqi yuzaga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.

Meros boʻyicha oʻtgan mol-mulk uchun soliq merosxoʻrda mulk huquqi vujudga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.

Soliq solish obyekti yoʻq qilingan, vayron boʻlgan yoki buzib tashlangan taqdirda, soliqni undirish mol-mulk yoʻq qilingan, vayron boʻlgan yoki buzib tashlangan oydan eʼtiboran tugatiladi. Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan yoʻq qilinganlik, vayron boʻlganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, amalga oshiriladi.

(423-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)

Kalendar yil mobaynida imtiyozlarga boʻlgan huquq vujudga kelgan (tugagan) taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan (tugagan) oydan eʼtiboran amalga oshiriladi.

Soliqni toʻlash toʻgʻrisidagi toʻlov xabarnomasi soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarga imzo qoʻydirilgan holda yoki mavjud boʻlgan taqdirda, soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda, soliq toʻlovchining nomiga rasmiylashtirilgan uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma tarzida, shuningdek toʻlov xabarnomasi olinganligini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda har yili 1-martdan kechiktirmay topshiriladi.

(423-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Soliq davri uchun soliqni toʻlash teng ulushlarda 15-aprelga va 15-oktabrga qadar amalga oshiriladi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.