РусскийEnglish

424-modda. Umumiy qoidalar

Yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun budjetga toʻlovlar yer soligʻi yoki yer uchun ijara toʻlovi tarzda amalga oshiriladi.

Tuman (shahar) hokimi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqiga ega boʻlgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari bilan tuzilgan hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadigan organlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi asosida berilgan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi yer soligʻiga tenglashtiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga olgan yuridik shaxslarga yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlovchilar uchun belgilangan soliq stavkalari, soliq imtiyozlari, soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi tatbiq etiladi.

(424-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Yuridik shaxslar mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yer soligʻi toʻlaydi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.