РусскийEnglish

426-modda. Soliq solish obyekti

Mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yuridik shaxslarda boʻlgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir.

Quyidagi yer uchastkalari soliq solish obyekti sifatida hisoblanmaydi:

1) notijorat tashkilotlari tomonidan notijorat faoliyati doirasida foydalaniladigan yerlar;

2) aholi punktlarining, bogʻdorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, shoxobcha yoʻllar, sugʻorish tarmoqlari, kollektorlar, sohil boʻyi yerlari va boshqa shu kabi umumiy foydalanishdagi yerlar);

3) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllari egallagan yerlar;

(426-modda ikkinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 5-avgustdagi OʻRQ-1162-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2026-y., 03/26/1162/0821-son)

4) aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, istirohat bogʻlari, sayilgohlar, xiyobonlar, aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun belgilangan joylar, shuningdek ariq tarmoqlari egallagan yerlar);

(426-modda ikkinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

5) davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat tabiat yodgorliklarining, buyurtma qoʻriqxonalarning (bundan ovchilik xoʻjaliklarida tashkil etiladigan buyurtma qoʻriqxonalar mustasno), tabiiy pitomniklarning, davlat biosfera rezervatlarining, milliy bogʻlarning yerlari;

6) sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan, profilaktika hamda davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy shifobaxsh omillarga ega boʻlgan yer uchastkalari;

7) rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar – aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar hamda tashkilotlarga berilgan yer uchastkalari;

8) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan moddiy madaniy meros obyektlari, xotira bogʻlari egallagan yer uchastkalari;

9) gidrometeorologiya va gidrogeologiya stansiyalari hamda postlari egallagan yerlar;

10) yuridik shaxs balansida boʻlgan va fuqaro muhofazasi hamda safarbarlik ahamiyatiga molik alohida joylashgan obyektlar egallagan yerlar;

11) kommunal-maishiy ahamiyatga molik yerlar (dafn etish joylari, maishiy, qurilish va boshqa chiqindilarni yigʻish, qaytadan ortish va saralash joylari, shuningdek chiqindilarni zararsizlantirish hamda utilizatsiya qilish joylari);

(426-modda ikkinchi qismining 11-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

12) koʻp kvartirali uylar va yotoqxonalar egallagan yerlar, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari, bundan yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlari egallagan yer uchastkalari mustasno;

(426-modda ikkinchi qismining 12-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 31-maydagi OʻRQ-773-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 03/22/773/0461-son)

13) suv fondi;

14) zaxiralar;

15) geologiya-qidiruv va (yoki) izlanish ishlarini oʻtkazish uchun ajratilgan yer uchastkalari;

(426-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 15-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

16) “Mahalla servis” kompaniyalari egaligida boʻlgan mahallalarni obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarish hamda mahallalar aholisiga qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan binolar joylashgan yer uchastkalari;

(426-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi OʻRQ-1071-sonli Qonuniga asosan 16-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2025-y., 03/25/1071/0545-son)

17) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi muassisligida davlat muassasasi shaklida tuzilgan hududiy yaylov xoʻjaliklarining doimiy foydalanishdagi yaylov yerlari.

(426-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1104-sonli Qonuniga asosan 17-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1104/1213-son)

Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan yer uchastkalari xoʻjalik faoliyatini yuritish uchun foydalanilsa, ular ushbu bobda belgilangan tartibda soliq solish obyekti hisoblanadi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.