450-modda. Soliq solish obyekti
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) solish obyekti quyidagilardir:
agar ushbu qismning uchinchi xatboshisida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, foydali qazilmani qazib olish (ajratib olish) hajmi;
qazib olingan (ajratib olingan) qora, qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallarning, shuningdek noyob elementlarning va noyob yer elementlarining haqiqatda realizatsiya qilingan hajmi.
(450-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaning hajmi qazib olish (ajratib olish), birlamchi ishlov berish, qayta ishlash va transportda tashishning butun texnologik sikli doirasida yuzaga keladigan texnologik yoʻqotishlar hajmini chegirgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan normalar doirasida, bunday normalar mavjud boʻlmaganda esa — soliq toʻlovchi tomonidan tasdiqlangan normalar doirasida aniqlanadi.
(450-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Foydali qazilmalarni qazib olishning (ajratib olishning) va foydali qazilmalarga birlamchi ishlov berishning (ularni qayta ishlashning) texnologik sikli doirasidagi yoʻqotishlar texnologik yoʻqotishlar deb eʼtirof etiladi, xususan:
foydali qazilmalarni qazib olish chogʻidagi yoʻqotishlar (bundan normadan ortiq yoʻqotishlar mustasno), shu jumladan ularning qoldiqlari (ajratib olib boʻlmaydigan zaxiralari);
(450-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
uglevodorodlarni dastlabki sanoat maqsadida qayta ishlash chogʻidagi yoʻqotishlar;
qatlamdagi bosimni saqlab turish va (yoki) uglevodorodlarni yopiq texnologik sikl doirasida ajratib olish uchun mahsuldor qatlamga qayta haydab kiritiladigan tabiiy gaz hajmi.
Soliq solish obyekti foydali qazilmaning har bir turi boʻyicha alohida aniqlanadi.
Quyidagilar soliq solish obyekti boʻlmaydi:
soliq toʻlovchilarga berilgan yer uchastkalari doirasida qazib olingan (ajratib olingan) hamda shaxsiy xoʻjalik va maishiy ehtiyojlari uchun foydalanilgan, keng tarqalgan foydali qazilmalar. Keng tarqalgan foydali qazilmalar roʻyxati qonunchilikda belgilanadi;
qonunchilikda belgilangan tartibda daryo oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarni mustahkamlash ishlari natijasida qazib olingan (ajratib olingan) noruda foydali qazilmalar, bundan realizatsiya qilingan foydali qazilmaning hajmi mustasno.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.