РусскийEnglish

451-modda. Soliq bazasi

Soliq bazasi soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda har bir qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaga nisbatan aniqlanadi.

Quyidagilar soliq bazasidir:

agar ushbu qismning uchinchi xatboshisida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilma hajmining qiymati;

qazib olingan (ajratib olingan) qora, qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallarning, shuningdek noyob elementlarning va noyob yer elementlarining haqiqatda realizatsiya qilingan hajmi qiymati.

Agar ushbu moddaning toʻqqizinchi — oʻn birinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq bazasi soliq (hisobot) davri boshlanganidan eʼtiboran oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlanadi va soliq (hisobot) davri uchun oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosi boʻyicha hisob-kitob qilinadi.

(451-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Soliq (hisobot) davri uchun oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosi har bir qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilma boʻyicha pulda ifodalangan realizatsiya qilish hajmlarini (qoʻshilgan qiymat soligʻini va aksiz soligʻini chegirgan holda) naturada ifodalangan realizatsiya qilish hajmiga boʻlish orqali alohida aniqlanadi.

Agar qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmadan shaxsiy ishlab chiqarish yoki xoʻjalik ehtiyojlari uchun qisman foydalanilsa, soliq bazasi qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaning butun hajmi hisobida, ushbu foydali qazilmaning oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Soliq (hisobot) davrida foydali qazilma realizatsiya qilinmagan taqdirda, soliq bazasi realizatsiya qilish amalga oshirilgan oxirgi soliq (hisobot) davrida foydali qazilmani realizatsiya qilishning oʻrtacha olingan narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Foydali qazilmalarni qazib olish (ajratib olish) boshlanganidan buyon ular realizatsiya qilinmagan taqdirda, soliq bazasi soliq (hisobot) davrida mazkur foydali qazilmalarni qazib olishning (ajratib olishning) 20 foizga oshirilgan ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bunda soliq toʻlovchi realizatsiya qilish amalga oshirilgan birinchi hisobot davrida hisoblangan soliq summasiga hisobot davrida shakllangan oʻrtacha olingan narxidan kelib chiqqan holda keyingi tuzatishni kiritishi shart.

Qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmadan toʻlaligicha shaxsiy ishlab chiqarish yoki xoʻjalik ehtiyojlari uchun foydalanilgan hollarda soliq bazasi qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaning 20 foizga oshirilgan ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Soliq toʻlovchi qazib olingan tabiiy gazni, neftni va (yoki) gaz kondensatini qayta ishlashni mustaqil ravishda yoxud qaytarish sharti bilan qayta ishlashga berish asosida amalga oshirgan hollarda, soliq bazasi ushbu foydali qazilmalardan olingan mahsulotlarni realizatsiya qilish bahosidan kelib chiqqan, ularni keyinchalik qayta ishlash va transportda tashish uchun soliq toʻlovchi tomonidan qilingan xarajatlar chegirib tashlangan holda aniqlanadi.

(451-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Agar ushbu Kodeksning 451¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallarni, shuningdek nodir elementlarni hamda nodir yer elementlarini qazib olishda soliq bazasi ushbu foydali qazilmalarni realizatsiya qilishning oʻrtacha olingan narxidan kelib chiqqan, keyinchalik ularni qayta ishlash (eritish, affinaj) va (yoki) transportda tashish xarajatlari chegirib tashlangan holda aniqlanadi.

(451-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Ushbu moddaning toʻqqizinchi va oʻninchi qismlarida, shuningdek ushbu Kodeksning 451¹-moddasida nazarda tutilgan foydali qazilmalarga nisbatan soliq bazasini aniqlash chogʻida, qazib olingan foydali qazilmalarni transportda tashish va (yoki) qayta ishlash, shu jumladan ularni qaytarish sharti bilan qayta ishlashga berish asosida qayta ishlash bilan bogʻliq xarajatlar summasi soliq toʻlovchi tomonidan soliq organlari bilan birgalikda aniqlanadi. Mazkur xarajatlarning summasi kalendar yil natijalariga koʻra shunga oʻxshash tartibda tuzatilishi mumkin.

(451-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan oʻn birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Foydali qazilmalarning ayrim turlariga nisbatan soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 451¹-moddasida belgilanadi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.