85-modda. Soliq majburiyati
Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq toʻlovchilar zimmasiga yuklatilgan soliqlarni va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblab chiqarish hamda oʻz vaqtida toʻlash majburiyati ularning soliq majburiyatidir.
Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq agentlarining zimmasiga yuklatilgan, oʻziga nisbatan ushbu shaxslar soliq agentlari deb eʼtirof etiladigan munosabatlar doirasida soliqlarni toʻgʻri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va oʻz vaqtida oʻtkazish majburiyati soliq majburiyatiga tenglashtiriladi.
Soliq majburiyati ushbu Kodeks yoki boshqa soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan asoslar mavjud boʻlganda yuzaga keladi, oʻzgartiriladi va tugatiladi.
Har bir soliqqa nisbatan soliq majburiyati soliq toʻlovchiga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan ushbu soliqni toʻlashni nazarda tutuvchi holatlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran yuklatiladi.
(85-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.