409⁶-modda. Shikoyatni ko'rib chiqish natijalari bo'yicha qaror chiqarish
Bojxona organi shikoyatlarni ko'rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasini tashkil etadi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va shikoyatni ko'rib chiqish tartibi O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadi.
Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni ko'rib chiqish natijalari bo'yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirish to'g'risida;
ustidan shikoyat qilingan qarorga o'zgartirishlar kiritish haqida;
qarorni bekor qilish va, zarur hollarda, yangi qaror qabul qilish to'g'risida;
bojxona organlari mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb e'tirof etish va ishning mohiyati bo'yicha qaror chiqarish haqida.
Apellyatsiya komissiyasining qarori shikoyat bergan shaxsga uch kun ichida yozma shaklda yuboriladi yoki topshiriladi, ko'chirma nusxasi esa tegishli bojxona organiga yuboriladi.
Apellyatsiya komissiyasining ushbu Kodeksda belgilangan asosda va tartibda chiqarilgan qarori bojxona organlari tomonidan ijro etilishi shart.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.