199-modda. Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tuzish tartibi
Soliq toʻlovchining narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tuzish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etilgan arizasiga soliq toʻlovchi tomonidan quyidagilar ilova qilinadi:
1) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim loyihasi;
2) soliq toʻlovchining nazorat qilinadigan bitimlar bilan bogʻliq faoliyati haqidagi hujjatlar, shuningdek soliq toʻlovchi tomonidan narxni belgilash toʻgʻrisida bitim tuzish taklif qilinayotgan nazorat qilinadigan bitimlar haqidagi hujjatlar;
3) soliq toʻlovchi taʼsis hujjatlarining koʻchirma nusxalari;
(199-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)
5) soliq toʻlovchi Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan joydagi soliq organida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyilganligi haqidagi guvohnomaning koʻchirma nusxasi;
6) soliq toʻlovchining oxirgi hisobot davri uchun moliyaviy hisoboti;
7) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tuzishda ahamiyatga ega axborot mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, erkin shaklda taqdim etiladi.
(199-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchidan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan, narx belgilash haqidagi bitim maqsadi uchun zarur boʻlgan hujjatlarni soʻrab olishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchi tomonidan ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlariga muvofiq taqdim etilgan arizani va boshqa hujjatlarni ular olingan kundan eʼtiboran olti oydan koʻp boʻlmagan muddatda koʻrib chiqadi. Mazkur muddat toʻqqiz oyga qadar uzaytirilishi mumkin.
Soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddatini uzaytirish asoslari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(199-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlariga muvofiq taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tuzish haqidagi qaror;
2) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tuzishni rad etish haqidagi asoslantirilgan qaror;
3) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim loyihasini maromiga yetkazish zarurligi haqidagi qaror.
Tegishli qaror soliq toʻlovchiga (uning vakiliga) qabul qilingan sanadan eʼtiboran besh kun ichida yuboriladi.
Narxni belgilash toʻgʻrisida bitim tuzish haqidagi qaror qabul qilingan taqdirda, qarorda bitim imzolangan joy, sana va vaqt koʻrsatiladi.
Takroran taqdim etilgan bitim loyihasi boʻyicha qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan uch oy ichida qabul qilinadi.
Quyidagilar narxni belgilash toʻgʻrisida bitim tuzishni rad etish haqida qaror qabul qilish uchun asos boʻladi, xususan:
1) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlarning taqdim etilmaganligi yoki toʻliq hajmda taqdim etilmaganligi;
2) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim loyihasida taklif etilgan narxlarni aniqlash tartibini va (yoki) narxni belgilash usullarini qoʻllash natijasida bitimlar narxlarining bozor narxlariga muvofiqligi taʼminlanmasligi haqidagi asoslantirilgan xulosa.
Narxni belgilash toʻgʻrisida tuzilgan bitimning koʻchirma nusxasi soliq toʻlovchi hisobda turgan joydagi soliq organiga ushbu bitim imzolangan kundan eʼtiboran uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan yuboriladi.
Soliq toʻlovchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etilgan narxni belgilash toʻgʻrisida bitim tuzish haqidagi arizani uning oʻzi chaqirib olishi mumkin.
Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda oʻzgartirilishi mumkin.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.