212-modda. Javobgarlikka tortishning umumiy shartlari
Hech kim soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan boshqa asoslar boʻyicha va tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Hech kim soliqqa oid sodir etilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun takroran javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Agar jismoniy shaxs tomonidan sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlikda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, bu huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan javobgarlik kelib chiqadi.
(212-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1131-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1131/0377-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-iyul)
Yuridik shaxsning soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganligi uchun javobgarlikka tortilishiga mazkur huquqbuzarlik sodir etilganligi fakti soliq organining kuchga kirgan qarorida aniqlanganligi asos boʻladi.
(212-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yuridik shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi tegishli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda uning mansabdor shaxslarini maʼmuriy, jinoiy yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod etmaydi.
Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi uni toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar (yigʻimlar) va penyalarning summalarini toʻlash (oʻtkazish) majburiyatidan ozod etmaydi.
Shaxsning aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguniga qadar u soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb hisoblanmaydi. Javobgarlikka tortilayotgan shaxs oʻzining soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor emasligini isbotlashi shart emas.
Soliqqa oid huquqbuzarlik fakti va shaxsning uni sodir etishda aybdorligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi holatlarni isbotlash majburiyati soliq organlarining yoki bunday huquqbuzarliklarni aniqlagan vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.
(212-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1131-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1131/0377-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-iyul)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.