РусскийEnglish

480-modda. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning foydasiga soliq solish

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar foyda soligʻini ushbu Kodeksda belgilangan stavka boʻyicha toʻlaydi. Bunda foyda soligʻini hisoblab chiqarish, soliq hisobotlarini taqdim etish va toʻlash yiliga bir marta, hisobot davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Foyda soligʻini hisoblab chiqarishda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi ushbu Kodeksning 43-bobida nazarda tutilgan daromadlarning barcha turlari notariuslarning daromadlari deb eʼtirof etiladi.

Notarial faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar chegiriladigan xarajatlar jumlasiga kiritiladi. Bunda chegirilmaydigan xarajatlar ushbu Kodeksning 317-moddasiga muvofiq aniqlanadi.

Foyda soligʻi toʻlanganidan keyin xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning tasarrufida qolgan foyda soliq solish maqsadida dividendlarga tenglashtiriladi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.